Imom Hamzat

Bunday suhbatga chorlanish Nuriddin uchun yangilik emasdi.
Chakalakzordan o'tib, sohilga yaqinlashganida chayladan Tengiz chiqdi. Pachoqburunning amri bilan Nuriddin beriroqda to'xtadi. Tengiz uning ro'parasida turib olib, boshdan-oyoq tikildi. So'ng u tomon uch-to'rt qadam qo'ydi.
- Senga esh-shak deb laqab qo'yishibdi. Nima uchun aynan esh-shak?
Nuriddin Tengiz tikilganida ko'zlarini olib qochmadi. Sendan qo'rqadigan odam emasman, deganday tik boqqanicha turaverdi.
- Gapimga javob ber: nima uchun seni esh-shak deyishdi?
- O'zlariga o'xshatishmoqchi bo'lishgandir.
- Shunaqami? - Tengiz istehzoli jilmaydi. - Sen qaysar emishsanmi?
- Beayb Parvardigor.
- Shunaqami? - Tengiz unga yanada yaqinlashdi. - Sherigingni nima uchun otib tashlagan eding?
- Ablahligi uchun.
- Kofirligi uchun emasmi?
- Kofirning ham insoflisi, vijdonlisi bor. Kofirning ham o'ziga yarasha e'tiqodi bo'ladi. U kofir emas, ablah edi.
- Bublikni taniysan, a?
Tanimay-chi?! Nuriddin Turkmanistondagi lagerga kelganidan to ketgunicha u bilan it-mushuk bo'lib yashadi. Qoshlarigacha qirib yuruvchi bu odamni hamma Bublik der, ko'pchilik undan hayig'ib yurardi. Nuriddin esa, unga maymun deb laqab berib, bo'ysunishni istamagan edi.
- Bublikni taniysan, - dedi Tengiz undan javob kutmay. - Bublik sendan xafa. Xizmatidan bo'yin tovlabsan. Nega xizmatini qilmading?
- Men uning quli emasman.
- Qiziq... qiziq... sen yanglishma, esh... bola, kimdir kimgadir qul bo'lishi kerak. Bu dunyo o'zi shunaqa. Sening qullikdan o'zga chorang yo'q. Yo qul bo'lib yashaysan, yoki o'lasan!
- Odamning qulligi to'g'ri. Lekin siz ham yanglishmang. Odam faqat Yaratgangagina quldir. Banda bandaga qul bo'lmaydi. Ayniqsa, musulmon kofirga qul bo'lmaydi.
- Men Tengizman! Mening xizmatimni qilasanmi?
- Yo'q.
- O'ylab javob ber.
- Bublikka nima javob qilsam, sizga ham javobim shu.
- Mendan qo'rqmaysanmi?
- Nega qo'rqishim kerak? - Nuriddin unga tik qaraganicha jilmaydi. - Siz meni urarsiz, nari borsa o'ldirarsiz. Odamlar o'limdan qo'rqadilar. Ularning nodonligi ham shunda. Qo'rqsa-qo'rqmasa baribir o'ladi-ku? Men o'limdan qo'rqmayman. Demak, sizdan ham qo'rqmayman. Men faqat Ollohdan qo'rqaman.
- Durustsan, bola! Ammo o'limning har xili bo'ladi. Yoshlikda o'lib ketaverish alam qiladi. Men, masalan, hozir o'lishni istamayman. Hali ko'p yashashim kerak. Ko'p odamlar bilan hisob-kitobim bor.
- Bu siz bilan mening istagimga qarab bo'ladigan ish emas. Bu yog'i taqdir yozug'imizga bog'liq. Lekin Xudo sizga uzoq umr berishi mumkin.
- Nega? - Tengiz Nuriddinning gapidan chindan ham ajablandi.
- Ollohning va'dasi bor: ba'zi odamlar yanada ko'proq gunoh qilib olishi uchun umrini uzoq qilar ekan.
Bu gap Tengizga yoqmadi:
- O'chir ovozingni! - deb jerkib berdi.
- Bu mening gaplarim emas...
- O'chir, deyapman! Menga qara, qaysarliging uchun senga eshshak deb laqab berishgan. Xo'sh, esh-shakligingcha qolasanmi yo biz aytgan yo'lga yurasanmi?
- Siz aytgan yo'lga yurmayman, ovora bo'lmang.
- Unda o'lasan.
- Buni Xudo biladi.
- Yaxshi, mardliging ham bor ekan. Mayli, seni itday xorlatib o'ldirmayman, erkakday o'lishing uchun imkoniyat yaratib beraman. Mening odamim bilan yakkama-yakka olishasan. Tanla: musht bilanmi yo tig' bilanmi?
- Tanlash huquqini sizlarga berdim. Odamingizning chog'i nimaga kelsa, shunday olishsin.
- Katta ketma bola! Demak, bunday: avval musht bilan, keyin tig' bilan!
Raqibini pichoq bilan nobud qilguday bo'lsa, boshiga balolar orttirishi mumkinligini bilgan Nuriddin tig'ni rad etdi:
- Ikkala imkoniyatni odamingizga berdim. Men mushtimga ishonaman.
- Katta ketyapsan, bola! Bilib qo'y: bu olishuvda faqat bitta odam tirik qoladi.
Tengiz shunday deb uch qadam chekindi-da:
- Bifshteks! - deb chaqirdi.
Mushaklari o'ynab turgan baland bo'yli yigit hayallamadi. Harqanday raqibini qiymalab tashlashga qodir bo'lgani uchun Bifshteks laqabini olgan bu yigit Tengizning birgina imosidan maqsadini anglab, jangga hozirlandi. Tengiz hali jang maydonini bo'shatmay turib, keskin tarzda bir aylandi-da, raqibining jag'ini mo'l tepmoqchi bo'ldi. Nuriddin garchi bu qadar tez hamlani kutmagan bo'lsa-da, jangga shay edi. Shu bois jag'ini tepki zarbiga ro'para qilib qo'ymadi. Keskin engashib, shu asnoda mushtini ishga solishga ulgurdi. Bifshteks kuchli zarbaga mo'l havolatilgan oyog'ini idora qilishga ulgurmay nozik yeridan musht yeb, bukchayib qoldi. Nafasi qaytib, ingrab yubordi. Nuriddin uning o'ziga kelib olishini kutib, chekindi.
- Payti kelganda urib qol! - dedi Tengiz.
- Men nomard emasman, - dedi Nuriddin raqibidan ko'z uzmay.
- Unda o'zingdan ko'r. U senga mehribonlik qilib o'tirmaydi.
- Mehribonligiga zor emasman.
- Rostdan ham esh-shak ekansan! - Tengiz shunday deb sigaret tutatdi. So'ng o'zini hanuz o'nglay olmayotgan mulozimining ketiga tepdi. - Bir mushtlik holing bormi, bundan ko'ra o'lganing yaxshimasmi? Bo'ldimi, ketaversinmi?
- Yo'-o'q! Bu yerdan bitta odam ketadi. Men hozir uni qiymalab tashlayman. - Bifshteks shunday deb cho'ntagidan buklama pichoq chiqarib, tugmachasini bosdi; dudama tig' oftobda yaltillab ketdi.
Nuriddin uchun bu birinchi olishuv emasdi. Shu sababli dovdirab qolmadi. Yengil harakat qilganicha Bifshteksni chalg'itib, birin-sirin zarbalar bera boshladi. Faqat bir marta tig' uning chap bilagini tilib o'tdi. Tilingan yerdan sizib chiqqan qonni ko'rib, Bifshteks mamnun jilmaydi. Buni jon olg'uvchi asosiy zarbaning debochasi deb o'yladi. Ha, chindan ham bu asosiy zarbalarning boshlanmasi edi. Ammo zarbalarni u emas, Nuriddin berdi. Ketma-ket tepki zarbalari uning hayot-mamotini hal qildi: avval jag'i sinib, iyagi uzilib, uchib ketay dedi. Keyingi tepki bo'g'zini pachoqladi. Nafasi bo'g'ildi. Ko'ziga qon to'lgan Nuriddin uning bu holini ko'rmadi. Chaqqon sakradi-da, ikkala oyog'i bilan uning ko'kragini mo'l tepdi. Tepish asnosida o'zi ham chalqancha yiqilib, bir necha nafas hushini yo'qotdi. Hushiga kelgach, tepasida pichoq sanchishga tayyor turgan Bifshteks paydo bo'lishini kutdi. Sakrab turmoqchi edi, badani o'ziga bo'ysunmadi. Yana ikki-uch nafas behol yotib, so'ng qaddini asta ko'tardi. To'rt-besh qadam narida uzala tushgan Bifshteksni, tiz cho'kanicha uning bilagini ushlab ko'rayotgan Pachoqburunni, uning tepasida sigaret tutatib turgan Tengizni ko'rib, olishuv yakunlanganini fahmladi.
- O'libdimi? - dedi Tengiz, sigaret qoldig'ini nari uloqtirib. - O'libdimi?! Nega baqaga o'xshab angrayasan?
Pachoqburun tasdiq ishorasini qilib o'rnidan turdi. Tengiz orqasiga o'girilib, Nuriddin tomon yurdi.
- Ko'rdingmi? O'libdi. Eng yaxshi odamimni o'ldirding. Xo'sh, endi nima qilamiz? Qolgan o'n yilingni yigirma beshga aylantiramizmi? Yo menga qo'shilasanmi?
Nuriddin o'rnidan turib, labidagi qonni artdi.
- Sizga qo'shilsam, urishib o'tirmas edim.
- Sen oliftagarchilik qilma, baribir sinasan.
- Sinishdan oldin o'zimni o'ldiraman.
Tengiz bir so'kindi-da, o'girilib, Pachoqburunga baqirdi:
- Nimaga lallayasan?! Ko'tar, daryoga tashla. Kum(lager boshlig'i)ga borib, Bifshteks qochdi, deb ayt. Keyin lepila(do'xtir)ni boshlab kel.
Qamoq lagerining tabibi muolija qilib ketgach, Tengiz Nuriddinni chaylaga boshladi. Eski gazetalardan iborat dasturxon usti betartib edi. Pachoqburun kirib, chala yeyilgan non-go'shtlarni yig'ishtirib chiqib ketgach, Tengiz alyumin krujkaga to'latib aroq quydi-da, mehmonga uzatdi. Nuriddin uni olish uchun qo'l ham uzatmadi.
- Ha, - dedi Tengiz, qoshlarini chimirib. - Hazar qilyapsanmi?
- Ichmayman, - dedi Nuriddin. So'ng tarang vaziyatni yumshatish maqsadida qo'shib qo'ydi: - Shu paytgacha ichmaganman.
- Namoz o'qiysanmi?
- Yo'q.
- Unda menga o'xshagan chala musulmon ekansan. Ichmaydigan odamlarni hurmat qilaman. Ichishni anavi to'ng'izlarga chiqargan. Bu nima, bilasanmi?
- Aroqni aytyapsizmi?
- Ha, sen bilan men buni aroq deymiz. Aslida bu bizning millatimizni qirib tashlovchi atom bomba. Bu enag'arlar bizlarni qanday quritishni bilishgan. Sen bilan biz buning fahmiga bormay ichaveramiz, ichaveramiz. Ichib olib bolalarni tug'diraveramiz. Borib-borib millat qirilib ketganini bilmay qolamiz. Senlar ko'psanlar, uncha bilinmas balki. Ammo biz kammiz. Hademay qirilib bitamiz.
- Siz... gruzinmisiz?
- Yo'q... - Tengiz miyig'ida kuldi: - Men - avarman! - Tengiz bu gapni iftixor bilan aytdi. - Avar degan xalq bor bu dunyoda, eshitganmisan?
Nuriddin eshitmagan edi. Bir oz xijolat bo'lgani holda bu haqiqatni tan oldi.
- Sen meni gurjiga o'xshatma. Ular Qofqazni sotishgan. Mening boboblarim esa qofqazimizni bu kofir to'ng'izlardan himoya qilgan. Imom Hamzat, imom Shomil, Hojimurodlarni eshitganmisan? Ha, eshitmagansan.
- Men... o'qimaganman. Sakkizinchini bitirib, dalaga chiqib ketganman. Keyin harbiyga chaqirishib, Afg'onga tashlashdi. Keyin bu yerlar... qo'limga bitta kitob olib o'qimaganman sira.
- Unda seni esh-shak deganlari to'g'ri ekan. Qaysarliging uchun emas, o'qimaganing sababli esh-shaksan. O'qimagan odamning esh-shakdan nima farqi bor? Sen mening tariximni bilmaysan. O'zingnikini bilasanmi? Sening hamzatlaring, shomillaring bormi? Bilmaysan! Esh-shak ham o'zining ota-bobolarini bilmaydi. Gaplarimga hayron bo'lyapsanmi? O'g'ridan ham shunaqa gaplar chiqadimi? deyapsanmi? Men o'g'ri bo'lib tug'ilmagan edim. Ota-bobom ham o'g'ri emasdi. Men o'zimnikilarning ushog'iga ham xiyonat qilmaganman. Men yerimga o'g'ri bo'lib bosib kirganlarning mol-joniga qiron keltiraman. Men o'g'ri emas, qasoskor, xunxo'rman! Ammo o'g'ri degan unvonni olganman. Men uchun qasosning o'zgacha yo'li yo'q. Bilasanmi, men salkam oliy ma'lumotli faylasufman. Ha... meni to'rtinchi kursdaligimda haydashgan. Leningradda o'qirdim. Bir professor bor edi, - Tengiz shunday deb istehzoli jilmaydi. - Nikolay Aleksandrovich Sagoev degan. Qiziq, a? Ismi o'rischa, nasabi tog'liklarniki. Keyin bilsam asli Nazir Alievich Sagoev ekan. Tilimni tiyolmay o'shanga bir kuni aytdim: Muhtaram professor, mayli, o'zingizning ismingizni o'rischa qilibsiz, otangizning shunday chiroyli ismini nega o'zgartirasiz? Sizda tog'liklar nomusidan zarracha bormi? dedim. U enag'ar meni komsomol majlisiga qo'ydi. Mening qaysarligim tutib, majlisda avarcha gapirdim. O'sha professorning o'zi tarjima qilib turdi. O'ris deganlarning jazavalari tutganini ko'rsang edi. Qo'llaridan kelgani - meni komsomollaridan haydashdi.
Shartta turib: Men avarman! Avarligimcha o'laman! Tupurdim senlarga! dedim. Shu bahona bo'lib o'qishdan haydashdi. Keyin men bu o'qishga kirdim. Birinchi qilgan ishim - Sagoevning uyini bosdim. Avar knyazlari ham unchalik boy bo'lishmagandir. Tog'lik yigitlarni o'qishga kiritib qo'yaman, deb tozza shilar edi u enag'ar. Uyini shilib, qolgan-qutganini yoqib yubordim. O'n yil badalida ikki marta qo'lga tushib, pishdim. O'n birinchi yili qonundagi o'g'ri martabasini berib, menga toj kiydirishdi. Endi bildingmi, kimligimni? Bu to'ng'izlar meni qul qilish uchun yerimga bostirib kirishgan edi. Endi ularning o'zlari mening qulim. Bifshteksni o'ldirganing uchun zarracha afsuslanmadim. Bu enag'arlar qancha ko'p o'lsa, shuncha yaxshi. Sen esa... yashashing kerak! Men senga Hamzat deb nom beraman. Shomil bilan Hojimurod ham bizning qahramonlarimiz. Lekin men ularni uncha yaxshi ko'rmayman. Ular oxiri sinishgan. O'risga taslim bo'lishgan. Hamzat esa, sinish u yoqda tursin, hatto salgina egilmadi. Joynamozning ustida boshi uzildi. Senda ham shunga yaqin fazilat ko'rdim. Shuning uchun senga mehrim tushdi. Shuning uchun bu gaplarni senga aytyapman. Ammo sen bola, qaysarligingni arzon bahoga sotar ekansan. Sen mayda-chuyda gaplardan ustun tur. Sen millat uchun sobit bo'lishni o'rgan. Shunga aqling yetadimi? Yo'q, yetmaydi... Afsus, afsus, yetmaydi. Men o'zbeklar orasida senga o'xshagan mardini kam ko'rganman. Senlarning sinishlaring oson. Sen bu yerlardan sinmaydigan odam bo'lib chiq. Ko'zlaringni ochib, odam bo'lib chiq! Hamzat, bir kuni kelib gaplarimni eslaysan. Ana shunda bu o'g'ri unchalik ahmaq emas ekan, deb tan olasan.
Hayot-mamot olishuvi Nuriddin, endilikda Hamzat uchun kutilmagan hodisa edi. Qahrli o'g'rining bu gaplari esa, mutlaq kutilmagan hol bo'ldi. Bu gaplarning mag'zini chaqishga harakat qildi. Keyingi uchrashuvlarda yana shu haqda gap ochilarmikin, deb kutdi. Biroq, Tengiz qahrli o'g'riboshi libosini yechib, ochilib gaplashmadi. Faqat ancha keyin, nohush voqealar so'ngida ajralar mahallarida Sen mening himoyamdasan. Men o'lsam, odamlarim himoya qiladilar. Sen o'sha kungi gaplarimni unutmasang bo'ldi: aslo sina ko'rma! deb ta'kidladi. 
